Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Aholining reproduktiv salomatligini saqlashning huquqiy asoslari: amaliyot va xalqaro tajriba” mavzuidagi davra suhbati aynan shu jabhaga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, shu jumladan, onalik, otalik hamda bolalikni muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Ayni chog‘da reproduktiv salomatlikni saqlashning huquqiy asoslari va uni takomillashtirish zarurati, ushbu sohadagi yutuq hamda muammolar, respublikada yordamchi reproduktiv texnologiyalarning qo‘llanish amaliyoti va bu boradagi xalqaro tajriba yuzasidan qizg‘in fikr almashildi.
Ishtirokchilar fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash siyosatini amalga oshirishda zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali tibbiy kadrlar, shu jumladan, ilmiy darajaga ega mutaxassislarni tayyorlash masalasi nihoyatda dolzarbligini qayd etishdi. Ayniqsa, reproduktologiya, embriologiya, andrologiya yo‘nalishlarida hattoki, oddiy mutaxassisga ham katta ehtiyoj sezilayotgani aytib o‘tildi.
Deputatlar mazkur muammolarning yechimi sifatida sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, davlat tibbiyot muasassalari bilan birga, xususiy sektorni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Yakunda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tavsiyalar ishlab chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.